Jurnal haqida
«Moliya» ilmiy jurnali moliya-iqtisodiyot va menejment sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘ziga xos ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalarini nashr etadi. Maqsadimiz — ushbu sohadagi nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or g‘oyalar va innovatsion yechimlarni ommalashtirish orqali iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishdir.
Jurnal sahifalarida pul va pul tizimi, moliya bozorlari va banklar, xalqaro moliya, firma va korporatsiyalar moliyasi, ijtimoiy moliya, makroiqtisodiy va mintaqaviy siyosatning moliyaviy jihatlari kabi keng qamrovli mavzular yoritiladi. Bundan tashqari, fiskal va pul-kredit siyosati, moliyaviy monitoring, moliyaviy menejment, yangi moliyaviy texnologiyalar, raqamli moliyaviy aktivlar, sug‘urta, narxlash, moliyaviy xavfsizlik, moliyaviy risklarni boshqarish, moliyaviy huquq masalalari ham jurnalning diqqat markazida.
Muassis — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 2008-yil 24-martda 0519-raqam bilan ro‘yxatga olingan. 2025-yil 7-mayda ommaviy axborot vositasi sifatida qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan — guvohnoma № 758813 (litsenziya reestr raqami C-5669813); tarqatish shakli — onlayn, respublika miqyosida; tillari — o‘zbek, rus, ingliz. 2008-yildan nashr qilinadi, bir yilda 6 marta chiqadi. Obuna indeksi — 1204.
«Moliya» ilmiy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 13-dekabrdagi 201/3-sonli qaroriga binoan iqtisod fanlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlarning dissertatsiya ishlari yuzasidan ilmiy maqolalari e’lon qilinishi zarur bo‘lgan ilmiy jurnallar ro‘yxatiga kiritilgan.
